YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq kerak!

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq kerak!

        Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq davlatimiz bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga asosiy masala sifatida qarab kelmoqda. Shu bois, bolalar huquqlarini himoya qilish borasida qonunchiligimiz rivojlanib bormoqda. Asosiy qonunimiz bo’lmish O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks, Jinoyat kodeksi, Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi, “O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to’g’risida”gi, “Bola huquqlari kafolatlari to’g’risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to’g’risida” gi, «Voyaga etmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish to’g’risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir. Shuningdek boshqa qonunlarimizda ham voyaga etmagan yoshlarning huquq va manfaatlariga  daxldor normalarni  ko’rishimiz mumkin.

      Ma’lumki, har qanday mamlakat o’z kelajagini bolalar, voyaga etmagan yoshlar timsolida, aniqrog’i ularni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol qilib voyaga etkazishda ko’rishi tabiiydir. Mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning barkamol inson bo’lib ulg’ayishiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

     Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar tarbiyasi, ularning ma’naviy barkamolligi masalasining oqilona echimini ko’rsatib berib, shunday ta’kidlaydi:­“Keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar,  jamoatchilik, mahalla-kuy bu masalada xushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo’liga berib qo’ymasdan, ularni o’zimiz tarbiyalashimiz lozim, — deydilar.

       Afsuski, yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramay bugungi kunda ayrim yoshlar nazoratsizlikdan foydalanib huquqbuzarliklar sodir etmoqdalar. Tadqiqotlar natijasi, voyaga yetmaganlar huquqbuzarligining 47 foizi ota-onaning salbiy ta’siri yoki befarqligi, 14,8 foizi oilada hamjihatlikning yo’qligi va 23,5 foizi kattalarning loqaydligi tufayli sodir etilayotganligini ko’rsatmoqda.

         Oxirgi paytlarda yoshlar o’rtasida sodir etilgan jinoyatlarning negizi o’rganilsa, uning tag zaminida yoshlik sho’xliklari, hatto hazillashib yoki tengdoshlari orasida o’zini “ko’rsatib” qo’yish kabi  oddiy sabablar yotganini kuzatamiz. Yoki to’qlikka – sho’xlik yoki bekorchilikdan sodir etilganini guvohi bo’lamiz. Bunga sabab bir toifa yoshlarimizning hayotda aniq bir maqsadi yo’qligi, bugungi kunim o’tsa bas qabilida fikrlashdan iborat bo’lib qolmoqda.

         Agarda bironta yoshlarimiz huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etsa, avvalo  u ta’lim olayotgan muassasasaning rahbari,  murabbiysi, keyin yashayotgan mahallasi so’roqqa tutiladi. Uning oilasi, ota-onasichi? , — degan asosli savol tug’iladi. Va yana qo’shib qo’ygan bo’lardik  uning o’zichi? Nega yoshlarimiz o’z kelajagiga, taqdiriga befarq bo’lib qolmoqda. Xuddiki, birov uchun yashayotgandek, ota-onasiga, jamiyatga kimligini ko’rsatib qo’yish, ularning e’tiborini tortish maqsadida ming afsuski suisid  holatlarini sodir etayotganliklarini  ham uchratamiz.

         Aziz yoshlar, farzandlarim! Biz sizlarga  shunday murojaat qilmoqchimiz: Bir yozuvchi aytganidek —  “Yoshlik shunisi bilan go’zalki, uning kelajagi bor!” Yoshlikda istagancha orzu qilish mumkin, chunki ushbu orzularni amalga oshirish uchun sizda kuch-g’ayrat, shijoat, vaqt va imkoniyatlar etarli. Vaqtimizni bekor o’tkazmasdan, oldimizga aniq, kelajagi bor maqsadlarni qo’yib,  ularni amalga oshirish uchun harakat qilishimiz kerak. Bu sohada sizni qo’llab – quvvatlab turuvchi  davlatingiz, Yurtboshingiz, ota-onangiz, ustozlaringiz va quyaversa butun bir jamiyat turibdi. Bu imkoniyatlardan to’g’ri va o’z vaqtida foydalanish darkor.

        Nafaqat jinoyat sodir etmaslik, balki ularning sodir etilishini oldini olishda faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz. 2018 yil 8-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag’batlantirish tartibi to’g’risida nizomni tasdiqlash haqida” 15-son qarori qabul qilindi. Mazkur nizomda qasddan sodir etilishi rejalashtirilayotgan yoki sodir etilayotgan ma’muriy huquqbuzarlikning yoxud jinoyatning oldini olish yoki to’xtatish, qidiruv e’lon qilingan yoki bedarak yo’qolgan shaxsning manzili haqida ma’lumot berish, shuningdek, aholi o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi targ’ibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etganligi uchun fuqarolar va jamoat tashkilotlari rag’batlantirilish tartibi belgilab qo’yilgan.

      Oxirgi paytlarda umumta’lim, ayniqsa o’rta maxsus kasb-hunar ta’limi   muassasalari o’quvchilari orasida arzimagan janjallar orqali bir-birini  pichoqlab qo’yish eki og’ir tan jarohatlarini etkazish, hatto  oqibatda  bir yosh norasida tengdoshining o’limiga sababchi bo’lib qolish holatlari uchramoqda. Ammo, mana shu janjalllar o’z-o’zidan kelib chiqmayotganligini, ushbu janjallar yoki rejalashtirilayotgan o’g’irliklar kamida bir-ikki kun oldin do’stlari orasida rejalashtirilganligini,  janjalda ishtirok etmasada ushbu holatdan xabardor bo’lgan yoshlar borligini hammamiz bilib turibmizku. Nega xabar qilmaymiz, nega bong urmaymiz hurmatli yoshlar?! Sababi befarqmiz! Mashhur faylasuflardan biri aytganidek: “Dushmanlardan qo’rqma – nari borsa, ular seni o’ldirishi mumkin. Do’stlardan qo’rqma – nari borsa, ular senga  xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo’rq – ular seni o’ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli er yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo’laveradi”. Bu borada ishni avvalo o’zimizdagi befarqlikni yo’qotishdan boshlashimiz kerak, qadrli farzandlarimiz!

 E’tiboringizni O’zbekiston Respublikasining 2010 yil 29 sentyabrdagi «Voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risida»gi qonunda belgilab qo’yilgan quyidagi  asosiy tushunchalarga  qaratmoqchiman:

voyaga yetmaganlar o’rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi — voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi, qarovsizligiga, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g’ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan, yakka tartibdagi profilaktika ishi bilan birgalikda amalga oshiriladigan ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimi;

ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo’lgan voyaga etmagan — voyaga etmaganning nazoratsizligi yoki qarovsizligi oqibatida uning hayoti yoki sog’lig’i uchun xavf tug’diradigan yoxud uni ta’minlash, tarbiyalash va unga ta’lim berish talablariga javob bermaydigan sharoitda bo’lgan yoxud huquqbuzarlik yoki boshqa g’ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etayotgan voyaga etmagan;

ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo’lgan oila — ota-ona yoki ota-ona o’rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmaganlarni ta’minlash, tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarishdan bo’yin tovlayotgan yoki lozim darajada bajarmayotgan yoxud ularning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko’rsatayotgan yoki ular bilan shafqatsiz muomalada bo’layotgan oila;

nazoratsiz— ota-ona yoki ota-ona o’rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga etmaganni ta’minlash, tarbiyalash va unga ta’lim berish bo’yicha o’z majburiyatlarini bajarishdan bo’yin tovlaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan voyaga etmagan;

qarovsiz— aniq yashash joyi bo’lmagan nazoratsiz qolgan voyaga etmagan;

g’ayriijtimoiy xatti-harakatlar — voyaga etmaganning muntazam ravishda spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishida, fohishalik, tilanchilik bilan shug’ullanishida ifodalanadigan xatti-harakatlari, shuningdek o’zga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan boshqa xatti-harakatlari.

        Yoshlarimiz ushbu ta’riflangan holatlarni o’z o’rtoqlarida kuzatsa yoki o’zlari ushbu vaziyatga tushib qolsa, darrov bu haqida xabarni o’zi o’qiyotgan ta’lim muassasasiga yoki mahallasiga borib aytsa, tegishli mutasaddilar  ushbu  holatdagi yoshlarni bilib bilmay biron bir huquqbuzarlik sodir etib qo’ymasligini oldini olgan bo’lar edi.

       Bu holatda biz,bu toifa yoshlar tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g’ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, ularga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;  voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash;  voyaga yetmaganlarda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirish; ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo’lgan voyaga yetmaganlar va oilalarni ijtimoiy-pedagogik reabilitasiya qilish;  voyaga yetmaganlarni huquqbuzarliklar yoki boshqa g’ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir qilishga jalb etish hollarini aniqlash va ularga barham berish orqali huquqbuzarliklarning oldini olgan bo’lar edik.

   Shu yerda hurmatli ota-onalarimizni  ham ogohlikka chaqirib, farzand tarbiyasida majburiyatlarini eslatib o’tishni lozim deb bildik.

  Ota-ona yoki ota-ona o’rnini bosuvchi shaxslar bolalarini ta’minlash, tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo’yicha majburiyatlarini bajara borib, ularning xavfsizligini, hayoti va sog’lig’i muhofaza qilinishini, nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining profilaktikasini ta’minlash maqsadida, ta’lim muassasalarida o’qiyotgan voyaga yetmaganlarning o’qish vaqtida restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalar, kinoteatrlar, kompyuter zallari, Internet tarmog’idan foydalanish xizmatlarini ko’rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko’ngilochar (dam olish) joylarda bo’lishiga yo’l qo’ymasligi; voyaga yetmaganlarning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol qilishiga, chekishiga yo’l qo’ymasligi; voyaga yetmaganlarning huquqbuzarliklar yoki boshqa g’ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etishiga yo’l qo’ymaslik chora-tadbirlarini ko’rishi lozim.

Demak, kurash maydoni – bolalik, yo’l esa – “jaholatga qarshi ma’rifat” yo’li.

  • Bu yo’l – oddiygina Assalomu-alaykumdan
  • Bu yo’l – ko’cha-yu ekranlardagi faqat “hayotdan lazzatlanib qol” mazmunidagi reklamalarni, tanini va mashinasini ko’z-ko’z qiladigan kliplarni kamaytirishdan boshlanadi.
  • Bu yo’l – bolasiga mehribonligini qimmat telefon olib berishda emas, uning vaqtini qanday va kimlar orasida o’tkazayotganidan xabardor bo’lishda deb biladigan ota-onalardan boshlanadi.
  • Bu yo’l – ota-bobolarimizdan qolgan “Suvga tuflama, harom bo’ladi”, “Kechasi sayoq yurma, jin chaladi” degan nasihatlar va ertagu rivoyatlar o’qib berishdek oddiy ma’rifatdan boshlanadi.
  • Bu yo’l – maktabdayoq yaxshiroq bilim berishga intiladigan fidoyi muallimlardan boshlanadi.
  • Bu yo’l – internetdagi shafqatsizlik va behayolikdan saboq beradigan saytlar hamda o’yinlarga cheklov qo’yishdan boshlanadi.
  • Bu yo’l – dasturxonga halol topilgan nonni qo’yib, uning naqadar lazzatli ekani bolalarga aytib beriladigan oilalardan boshlanadi.
  • Bu yo’l – o’ziga ishongan, o’z oldiga aniq maqsadlarni qo’yib, dadil qadam bosadigan barkamol yoshlarimizdan boshlanadi.

Toshkent davlat agrar universiteti akademik liseyi direktori, yuridik fanlar nomzodi, dosent
Ra’no Turdiboeva