YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / «Kasb-hunar kolleji o’quvchi yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash»maqsadida o’quvchilar yod olinishiga tavsiya etilgan she’rlar.

«Kasb-hunar kolleji o’quvchi yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash»maqsadida o’quvchilar yod olinishiga tavsiya etilgan she’rlar.

O’zbekiston Respublikasi kasb-hunar ta’limi Markazining 27 fevral 2018 yil №129 sonli Buyruqning 3-ilovasidagi o’quvchilar tomonidan yod olinishiga tavsiya etilgan she’rlar.

“O`ZBEGIM” (Qasida) Erkin VOHIDOV

Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon, o‘zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.
So‘ylasin Afrosiyobu
So‘ylasin O’rxun xati,
Ko‘hna tarix shodasida
Bitta marjon, o‘zbegim.
Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Forob avlodidan,
Asli nasli balki O’zluq,
Balki Tarxon, o‘zbegim.
O’tdilar sho‘rlik boshingdan
O’ynatib shamshirlarin
Necha qoon, necha sulton,
Necha ming xon, o‘zbegim.
Tog‘laring tegrangda go‘yo
Bo‘g‘ma ajdar bo‘ldi-yu,
Ikki daryo — ikki chashming,
Chashmi giryon, o‘zbegim.
Qaysari Rum nayzasidan
Bag‘rida dog‘ uzra dog‘,
Chingizu Botu tig‘iga
Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim.
Yog‘di to‘rt yondin asrlar
Boshingta tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o‘zbegim.
Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen — Muqanna, sarbador — sen,
Erksevar qon, o‘zbegim.
Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o‘zbegim.
Ma’rifatning shu’lasiga
Talpinib zulmat aro,
Ko‘zlaringda okdi tunlar
Kavkabiston, o‘zbegim.
Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek
Ko‘ragoniy jadvalin,
Sirli osmon tokiga ilk —
Qo‘ydi narvon, o‘zbegim.
Mir Alisher na’rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo‘ldi
Shohu sulton, o‘zbegim.
Ilmu she’rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O’z elida chekdi g‘urbat,
Zoru nolon, o‘zbegim.
Mirzo Bobur — sen, fig‘oning
Soldi olam uzra o‘t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug‘yon, o‘zbegim.
She’riyatning gulshanida
So‘ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko‘z yosh,
Ko‘mdi armon, o‘zbegim.
Yig‘ladi furqatda Furqat
Ham muqimliqda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afg‘on
Qildi afg‘on, o‘zbegim.
Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o‘zbegim.
Ortda qoldi ko‘hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o‘zbegim.
Bo‘ldi osmoning charog‘on
Tole xurshidi bilan,
Bo‘ldi asriy tiyra shoming
Shu’la afshon, o‘zbegim.
Men Vatanni bog‘ deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko‘z deb aytsam,
Bitta mujgon, o‘zbegim.
Faxr etarman, ona xalqim,
Ko‘kragimni tog‘ qilib,
Ko‘kragida tog‘ ko‘targan
Tanti dehqon, o‘zbegim.
O’zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O’zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o‘zbegim.
Men buyuk yurt o‘g‘lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lek avval senga bo‘lsam
Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksi osmon, o‘zbegim.
Qayga bormay boshda do‘ppim,
G’oz yurarman, gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O’zbekiston, o‘zbegim.

“O’ZBEKISTONHamid OLIMJON

Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi menda…
Chappar urib gullagan bog‘in,
O’par edim vatan tuprog‘in.
Odamlardan tinglab hikoya
O’sar edi shoirda g‘oya.
Daryolardan kuylab o‘tardim,
Ertaklarga quloq tutardim.
Hammasini tinglardim, ammo,
O’xshashini topmasdim aslo.
O’xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston,
Dostonlarda bitgan guliston —
O’zbekiston deya atalur,
Uni sevib el tilga olur.
Chiroylidir go‘yoyosh kelin,
Ikki daryo yuvar kokilin
Qorli tog‘lar turar boshida,
Gul vodiylar yashnar qoshida.
Chor atrofga yoyganda gilam.
Aslo yo‘qdir bundayin ko‘klam.
Tog‘lardagi qip-qizil lola
Bo‘lib go‘yo yoqut piyola,
Buloqlardan uzatadi suv
El ko‘zidan qochadi uyqu.
Dalalarda boshlanadi ish
Boshlanadi ijod va turmush.
Kundan-kunga o‘sadi paxta,
Barg chiqadi harbir daraxtda,
Olmazorlar gulin to‘kadi,
Meva bog‘lab shoxin bukadi.

“VATANIM” Muhammad YUSUF

Men dunyoni nima qildim,
O`zing yorug` jahonim,
O`zim xoqon,
O`zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg`izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham o`zing mehri –
Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko`ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog`i ochilmagan
Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachig`i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko`rgan cho`pon
Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Qurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolig` deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan to`qson olti
Urug`imsan, Vatanim…

O`g`lim desang osmonlarga
G`irot bo`lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo`lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug`beging quchgayman,
G`ichir-g`ichir tishimdagi
So`lig`imsan, Vatanim…

O`tgan kuning – o`tgan kundir,
O`z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo`lin bog`lab,
Dilin dog`lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir
Shoiringga qarab qo`y,
Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,
Detdomlarni so`rab qo`y.
Hech bo`lmasa Usmon hokin
Keltirmoqqa yarab qo`y,
Olislarda qurib qolgan
Qudug`imsan, Vatanim…

Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O`glim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo`ynimdagi iftixorim,
Bo`ynimdagi tumorim,
O`zing mening ulug`lardan
Ulug`imsan, VATANIM !

“IMTIHON” Abdulla ORIPOV

Sen Vatan haqida berma ko’p savol,
Lof urma Vatanning muhabbati deb.
Uni mansab kabi aylama xayol,
Yoxud ma’ruzangga emasdir u zeb.
Vatan tanangdagi jondir, qondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Bu ulug’ sevgida ilohiylik bor,
Vatanni chin farzand faromush etmas.
Menga o’z tuyg’umni o’rgatma zinhor,
Inchunin, kibrning bozori o’tmas.
Rost gapni yolg’ondan farqlar ondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Asl qahramon kim yorug’ dunyoda?
G’oyasin ta’maga almashmagan zot.
Chug’urchuq ko’paysa haddan ziyoda,
Burgut bo’lib yashash oliy mukofot.
Qul ham yurtin sevsa shohdir, xondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Garchi ko’hna zamin umum makondir,
Insonning har joyda yonsin chirog’i.
Mo’’jaz bo’lsa hamki, kulbang oshyondir,
Ona dargohidek uning quchog’i.
Sen uchun poyonsiz kahkashondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Azal musofirdir dunyoda odam,
Ruhim garchi sobit, muallaq tanim.
Bir umr qo’yningda muqim tursam ham,
Sog’inib yashadim seni, Vatanim.
Mehr bir, nafrat ham bir tomondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

Mayli suymasinlar meni g’animlar,
Yo’limni to’ssinlar raqiblar hatto.
Vatan har qayda ham mayoqdek imlar,
G’ururim yuksalar samogacha to.
Hech kimga berguvsiz dovrug’, shondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.

“IQROR”   Muhammad YUSUF

O, ota makonim.Onajon o‘lkam,
O’zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q, Seningdek ko‘rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangta.

Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar,
Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Tog‘laring ortimdan ergashib yurar.

Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin.
Yo xudbinman men yo bir sodda kasman men –
Parijning eng go‘zal restoranlarin,

Bitta tandiringga alishmasman men.

Na gapga ko‘nayin, Na til bilayin,
Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan halovat —
Uch kunda sog‘insam nima qilayin,
Chala qolar bo‘ldi hamma sayohat.

Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan o‘tgan har kun bayram — bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.

“MEN NECHUN SEVAMAN O’ZBEKISTONNI…”  Abdulla ORIPOV

Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Tuprog’in ko’zimga aylab to’tiyo.
Nechun vatan, deya eru osmonin,
Muqaddas atayman, atayman tanho.

Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta o’smaydimi o’zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku, butun Osiyo.

Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Bog’larin jannat, deb ko’z-ko’z etaman.
Nechun ardoqlarkan tuprog’ini men,
O’paman, tuprog’ing bebaho, Vatan!

Aslida tuproqni odil tabiat,
Taqsim aylagan-ku, er yuziga teng
Nechun bu tuproq, deb yig’ladi Furqat,
O, Qashqar tuprog’i, qashshoqmiding sen?

Men nechun sevaman O’zbekistonni?
Sababini aytgin, desalar menga.
Shoirona, go’zal so’zlardan oldin,
Men ta’zim qilaman ona xalqimga:

Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan bo’lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo’lsayding,
Mehrim bermasmidim o’sha muzlarga?

Vatanlar, Vatanlar, mayli, gullasin,
Bog’ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring chun
Sevgan farzand bo’lsa, kechirma aslo!

“VATAN QOLAR EKAN, VATAN ABADIY” Sirojiddin SAYYID

Bahrayn suvlariga chaydim yuzimni,
Nasimlar esdilar iliq, arabiy.
Bir osmon to’ldirib keldi ko’ksimni,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ne zotlar o’tdilar Vatandin ayro,
Sevinchi savdoyu sog’inchi sahro.
Ko’ksimni to’ldirib keldi bir daryo,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Bobo qirlardagi bir xas yo tikan,
Shu ham kimlargadir zo’r armon ekan.
Ko’p ekan zar topib, zor bo’lib yurgan,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Kim axir bu dahri dundan o’tmagay?
Kim axir bir kuni aso tutmagay?
Tandan jon ketar, lek Vatan ketmagay,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har tepa, har do’nglik turbat emasdir,
Har qanday ayriliq g’urbat emasdir.
Yurtdan ketgan har zot Furqat emasdir,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Olmon tuprog’ida bir nemis ayol,
Ko’zda yosh, o’zbekcha ayladi savol.
Xalqim, nonu tuzing hamisha halol,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har keksa, har yoshning zahmatlarida,
Azim chinorlarning hikmatlarida,
Hazrat Yassaviyning xilqatlarida
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ayb emas avvaliy va yo soniymiz,
Agarchi insonmiz vale foniymiz.
Barchamiz ushbu kun Turkistoniymiz,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Asta barg to’kmoqda zarhal og’ochlar,
Umr go’yo to’lar boju xirojlar.
Kelib ketar ekan qancha Sirojlar,
Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

“JONIM ICHRA JONIMDURSAN” Xurshid DAVRON

Bu dunyoda jannatmonand erlar bisyor,
Bu dunyoda oqu qaro ellar bisyor,
Ammo yo’qdir bu dunyoda sendek diyor,
Jonim ichra jonimdursan, O’zbekiston.

Tuprog’ingda ajdodlarim izi qolgan,
Bobolarim terlarining tuzi qolgan,
Har gardida momolarim ko’zi qolgan
Jonim ichra jonimdursan, O’zbekiston.

O’zbek elim, nuri diydam, qarog’imsan,
O’zbek elim, osmonimu tuprog’imsan,
Ham quvonchim, ham baxtimu firog’imsan,
Jonim ichra jonimdursan, O’zbekiston.

Beshigingda allalading dunyolarni,
Dunyo ochgan necha–necha daholarni,
Bolam deding yuraklari adolarni,
Jonim ichra jonimdursan, O’zbekiston.

Sohibqiron qo’llarida qalqon bo’lding,
Ulug’bekning nigohida osmon bo’lding,
Mirzo Bobur yuragida armon bo’lding,
Jonim ichra jonimdursan, O’zbekiston.

Qo’li qadoq dehqon elim, sulton elim,
Ko’ksi yurtga doim balogardon  elim,
O’z yurtiga sohibqiron hoqon elim,
Jonim ichra jonimdursan, O’zbekiston.

“YURT OTASI” Iqbol MIRZO

Yurt otasi ketdingizku
Ko’zlarga yosh to’ldirib
Bayram kuni sizga degan
Gullarimiz so’ldirib
Qalbimizga muhrlandi
Har bir aytgan so’zingiz
Jannatlardan boqar endi
Bizga mungli ko’zingiz
Mardligingiz unitmasmiz
Unutmasmiz hech qachon
Orom toping siz tinchgina
Davlat boshim otajon
Xalqim sevar ekan sizni
Chin yurakdan va jondan
Ayrilganda aniq bildim
Sizday aziz insondan
Xudo berdi bizga sizday yurtboshini
Qalbimizda uyg’otib erk quyoshini
Tobladingiz tinchlik uchun qalqon bo’lib
Fuqarongiz jasorat-u bardoshini
Chorak asr yaratgani yurtboshimning
Tarixlarda muhr bo’lib qolar endi
Ezgu ishin farzandlari
Har kun yodga olar endi
Amir Temur qarshi olar izdoshim deb
Ulug’bek ham kutar sizni qardoshim deb
Jaloliddin sizga berib loyiq tarif
Xuddi o’zim,xuddi mening bardoshim deb
Xayr endi ulug’lardan ulug’ inson
Sizni yig’lab kuzatadi O’zbekiston
Jannatlarda ko’rishguncha alvido deb
So’ngi yo’lga kuzatamiz,ox otajon

“O‘ZBEK O‘G‘LI” Iqbol MIRZO

Ikki daryo o‘rtasi keng dasturxon,
Tuz totgansan, tuzlig‘ingni unutma.
Dasturxonni belbog‘ qilib o‘stirgan
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!
Sadarayhon bukilgani – so‘lgani,
Er yigitning egilgani – o‘lgani.
Yo‘l bermagil dushmanlarga kulgani,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!
O‘zbek desam jaranglagan tor kelur,
Undan oldin nomus ila or kelur.
Burgut kelur, lochin kelur, sor kelur,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!
Unutmagil nasabingni, zotingni,
Umid bilan otang qo‘ygan otingni.
Asra erta kuningni – zuryodingni,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!
Bo‘shamasin zinhor yog‘och beshiging,
Qulf ko‘rmasin darvozayu eshiging.
Yig‘ilmasin supadagi to‘shaging,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!
Ko‘pga kelgan kulfatlarga chap berma,
Mahmadona maynalarga gap berma.
Ko‘ngil obod bo‘lsin, sirtga zeb berma,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!
Nochor qolsang nokas qo‘lini tutma,
Arslonsan-ku tulki yo‘lini tutma.
O‘zingdan o‘zgadan marhamat kutma,
O‘zbek o‘g‘li, o‘zligingni unutma!