YANGILIKLAR
Домой / Без рубрики / Kasbiy ta’limda yangi bosqich

Kasbiy ta’limda yangi bosqich

O‘rta Chirchiq 2-son politexnikumda xalqaro sertifikatli mutaxassislar tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 2-son politexnikumda payvandlash yo‘nalishida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.

Ushbu loyiha Estoniya Payvandlash texnologiyalari instituti va Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Mazkur o‘quv kursi orqali o‘quvchilar ISO-9606 xalqaro sertifikatini olish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

Respublika bo‘ylab (Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Namangan va boshqa viloyatlardan) 2070 nafar fuqarodan ariza qabul qilindi. Dastlabki saralashdan o‘tgan 437 nafar o‘quvchidan 27 nafari xalqaro imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, Yevropa davlatlariga yuborilmoqda.

Hozirda 50 nafar o‘quvchi o‘qishni davom ettirmoqda. Ta’lim jarayonlarini xalqaro tajribaga ega ustozlar olib bormoqda. Bundan tashqari, Germaniya, Estoniya, Latviya, Litva va Bolgariya kabi davlatlardagi ish beruvchilar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Litvaning Energetiku mokymo centras va EUROMATAS kabi tashkilotlar bilan ham Memorandumlar imzolandi. Ular orqali 18 yo‘nalish bo‘yicha xalqaro ISO sertifikatini berish tizimi O‘rta Chirchiq 2-son politexnikumida joriy etildi.

Bu — nafaqat xalqaro mehnat bozoriga chiqish imkoniyati, balki O‘zbekistonda ilk bor joriy etilgan zamonaviy kasbiy ta’lim tajribasidir.