O‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlashda yangicha yondashuv
Bugun agrar sohaga kirib kelayotgan innovatsiya, ilg‘or smart texnologiyalar agrar soha mas’ullarining oldiga yangidan — yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash, mavjud kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanib ulgurgan.
Agrar sohada malakali kadrlar, xususan, oliy va undan keyingi ta’lim jarayonida mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish kechiktirib bo‘lmas vazifalardan biriga aylanmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ta’lim sifati va uning natijadorligi, yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi Yangiyo‘l agrotexnologiyalar texnikumida bo‘ldi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PQ-4975-son qaroriga asosan Toshkent davlat agrar universiteti huzurida tashkil etilgan Yangiyo‘l agrotexnologiyalar texnikumi 900 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda jami 381 nafar o‘quvchiga oziq-ovqat sanoati, vinochilik, mahsulotlarni qayta ishlash, kompyuter injiniringi, buxgalteriya hisobi va audit, raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida ta’lim berilmoqda.
Tashrif davomida texnikumning moddiy-texnik bazasi, o‘quv xonalari, mavjud o‘quv qo‘llanmalari va jihozlar bilan tanishib chiqildi. Shundan so‘ng ilmiy xodimlar tomonidan muassasada amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi, malakali kadrlar, xususan, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Vazir, ta’lim muassasadagi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va o‘quv ustaxonalar faoliyati, o‘qitish uslublari, moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi va agrar sohaga bilimli kadrlarni tayyorlab berish uchun sharoitlarni yangilash zarurligini ta’kidladi.
Binobarin, texnikumda ta’lim sifatini oshirish, mavjud muammolar va ularning yechimlarini bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Bevosita ilmni amaliyotga joriy etish vazifasini amalga oshiradigan, dala maydonlarida qo‘llay oladigan o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash eng muhim vazifa ekanligi qayd etildi.