So‘zi latofatli ijodkor merosiga ehtirom
Bo‘stonliq tumanidagi «GREEN HILLS RESORT» dam olish majmuasida O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Erkin Vohidovning betakror ijodini xotirlash va yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish maqsadida «E Voh — 2025» adabiy festivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjumanning yurtimizda keng nishonlanayotgan O‘zbek tili bayrami kunlarida o‘tkazilishi bejiz emas. She’riyatimizning asl zargari bo‘lgan shoirning butun ijodi va mehnat faoliyati ona tilimizni asrab-avaylash, unga sadoqat va ehtirom namunalarini ko‘rsatish bilan chambarchas bog‘liqdir.
E’tiborli jihati, mazkur festival doirasida yosh iqtidor egalari uchun o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi ham tashkil etildi.
Ta’kidlash lozimki, Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, UzReport Axborot agentligi, Nordik universiteti, IDC ta’lim markazi va boshqa tashkilotlar ko‘magida o‘tkazilgan mazkur olimpiada o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganish, bu sohadagi ilg‘or pedagogik yondashuvlarni targ‘ib qilish, shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan respublika miqyosidagi loyiha sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Ma’lumot o‘rnida, 12 oktyabr kuni o‘tkazilgan birinchi onlayn bosqich respublikamiz bo‘ylab 10507 nafar talabgor-o‘qituvchilarni o‘zida jamladi. 1055 nafar ishtirokchi-ustozlar belgilangan muddatda topshiriqlarni muvaffaqiyatli yakunladi.
Kecha Xalqaro Nordik universiteti bazasida hal qiluvchi final bosqich o‘tkazilib, 14 ta hududdan eng yuqori natija qayd etgan besh nafardan (ballari teng barcha) jami 79 nafar malakali o‘qituvchi insho yozish va test sinovlari ko‘rinishida mahorat sinovidan o‘tkazildi.
Shuningdek, “E Voh-2025” doirasida pedagoglar uchun til va adabiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ustozlar uchun metodik taqdimotlar hamda badiiy dasturlar tashkil etildi.
Bugun Bo‘stonliq tumanida joylashgan Green Hills Resort maskanida olimpiadaning tantanali taqdirlash marosimi va “O‘zbek tili bayrami”ga bag‘ishlangan festival bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar vakillari, xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, Erkin Vohidov ijod maktabi ustoz va o‘quvchilari, taniqli shoir va adiblar, OAV hamda keng jamoatchilik ishtirok etishdi.
Anjuman avvalida “E voh-2025” o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi g‘oliblari mamlakatimiz ta’lim va fan sohasi rahbarlari tomonidan samimiy qutlandi.
Gʻoliblar va faol ishtirokchilar sertifikat, diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bayramona kechada mashhur adiblarning nutqlari, taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, rang-barang madaniy chiqishlar hamda salyut namoyish etildi. Bayramda ona tilimizning boy badiiy-estetik qirralari va madaniy qudrati yana bir bor namoyon etildi.
Festival doirasida xorijlik tadqiqotchilar bilan davra suhbatlari tashkil etilib, o‘zbek tili filologiyasini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ilmiy muloqot o‘tkazildi.
“E Voh” olimpiadasi nafaqat til va adabiyot fani bo‘yicha bilimlar bellashuvi, balki ona tilimizning nufuzini oshiruvchi, ilmiy va madaniy hamkorlikni kuchaytiruvchi muhim maydonga aylandi.
Toshkent viloyati OTFIB 


