Toshkent davlat agrar universitetiga 95 yil to‘ldi
Toshkent davlat agrar universitetining 95 yillik yubileyi munosabati bilan madaniy, ma’rifiy va adabiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirda uzoq yillar davomida universitetda faoliyat yuritib, agrar ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar, faxriylar, talabalar, hamkor tashkilotlar rahbarlari hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etishdi.
Tantanali marosimda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi raisi S. Fayziyeva, “Nuroniylar” kengashi raisi A. Nosirov, viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i N. Kulbekova qatnashdi. Ular o‘z tabrik so‘zlarida universitet jamoasining mamlakat agrar sohasini rivojlantirishdagi o‘rni va xizmatlarini yuksak baholadilar.
Bayram kechasida davlatimiz tarixiga oid, buyuk bobokalonlarimiz ijodiga hamda jadidlar hayotiga doir sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi. Talabalar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar, sahna chiqishlari va ijodiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Yakunda faxriy ustozlar hamda mehmonlarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Toshkent viloyati OTFIB 




