Домой / Без рубрики / YANGI YONDASHUVLAR MUHOKAMASI

YANGI YONDASHUVLAR MUHOKAMASI

Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni toʻgʻri yoʻnaltirish, talabgor kasblarga oʻqitish, taʼlim muassasalarida dual taʼlimga eʼtiborni kuchaytirish bugungi kunda gʻoyatda dolzarb masaladir.

Chirchiq shahridagi “Inflow“ MCHJ XK korxonasida dual taʼlim imkoniyati va istiqbollariga bagʻishlangan amaliy seminar oʻtkazildi.

Tadbirda shahar hokimi M.Abdurahimov, viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi xodimi L.Gafarova, kasbiy taʼlim tashkilotlari direktorlari hamda maʼlum toifadagi mutaxassislik boʻyicha kadrlarga talabgor  tadbirkorlik subyeklarining vakillari ishtirok etdi.

Tomonlar mehnat bozoridagi bugungi real talablar asosida kadrlar tayyorlab berish borasida oʻzaro fikr almashdilar. Seminar ishtirokchilari shu yerda mehnat qilib, pul ishlab topayotgan, kasbiy taʼlim tashkilotlarida dual taʼlim asosida tahsil olayotgan yoshlarning mehnat faoliyati bilan tanishdilar.

Uchrashuv davomida dual taʼlim tizimining afzalliklari, oʻquvchilarni ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilish va amaliyotga yoʻnaltirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.

Shuningdek, ”Inflow“ MCHJ, “Tashkent traktor zavodi“, ”Chirchiq transformator zavodi“, ”Oltin“ MCHJ, ”Lukbo tekstil» MCHJ korxonalari bilan 2025-2026 oʻquv yili uchun dual taʼlim boʻyicha shartnomalar tuzildi.