Домой / DIREKTORLAR KENGASHI

DIREKTORLAR KENGASHI

Toshkent viloyati kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari kengashi to’g’risida 
NIZOM

1. UMUMIY QOIDALAR

  1. Toshkent viloyati kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlari kengashi jamoat tashkiloti (keyingi o’rinlarda “Kengash” deb nomlanadi) tarkibiga mahalliy hokimiyat organlari, ish beruvchi yirik korxonalar, ilm-fan va savdo-sanoat faoliyati doiralari, oliy ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari, fondlar va homiylar vakillari kiritiladi hamda u ta’lim muassasalarining jamoat boshqaruvi tizimini samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etiladi.
  2. Kengash ko’ngilli tarzda o’z-o’zini boshqaruv asosida tuzilib, notijorat uyushma hisoblanadi va  kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbarlarining tashabbusi bilan umumiy va yagona maqsadda Nizomda belgilangan maqsad va vazifalarni ruyobga chiqarish uchun tashkil etiladi.
  3. Kengash O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, “Jamoat uyushmalari haqida”, “Ta’lim to’g’risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida”gi Qonunlari, Fuqarolik Kodeksi, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining boshqa Qonunlari, amaldagi huquqiy aktlari va mazkur Nizom asosida faoliyat yuritadi.
  4. Kengash o’z faoliyatida siyosiy maqsadlarni ko’zda tutmaydi, siyosiy partiyalar va boshqa ommaviy harakatlarga qo’shilmaydi, uning faoliyati ko’ngillilik, teng huquqlik, o’z-o’zini boshqaruv, oshkoralik va qonuniylik tamoyillariga asoslanadi.
  5. Kengash tarkibi Kasb-hunar ta’limi markazi hamda viloyat hokimiyatlarining qarorlari asosida tasdiqlanadi.
  6. Mazkur Nizomda belgilangan maqsadlarga erishish uchun Kengash milliy hamda xalqaro jamoat va boshqa tashkilotlar, kompaniyalar, ta’lim muassasalari, yuridik va jismoniy shaxslar bilan aloqa o’rnatish, shuningdek, hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish, xalqaro va boshqa birlashmalarga a’zo bo’lish huquqiga ega.

2.KENGASHNING MAQSAD VA VAZIFALARI

7. Kengash quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:
a) viloyat  kasb-hunar ta’limi tizimini yanada takomillashtirish, ta’lim-tarbiya ishlari sifatini ilg’or zamonaviy talablarga javob bera oladigan darajada ta’minlash;
b) kasb-hunar ta’limi tizimining barcha bo’g’inlarini ta’lim sifatiga qo’yilgan davlat talablariga muvofiq rivojlantirish masalalarini mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda amalga oshirilishini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari  o’quvchilariga sifatli ta’lim berish bo’yicha ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish;
v) o’quv-tarbiyaviy jarayon va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha ijobiy tajribalarni umumlashtirish, ularni targ’ib etish va amaliyotga tatbiq etish;
g) pedagog va muhandis-pedagog kadrlarning malakasini eng zamonaviy bilimlar va ilg’or tajribalar asosida muntazam oshirib borishni ta’minlash;
d) o’quvchilarning o’quv-amaliy mashg’ulotlari va amaliyotlarining mazmuni va samaradorligini oshirish;
e) to’plangan ijobiy tajribalarni umumlashtirish hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etish;
j)  kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlarining o’zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish;
z) pedagogik va o’quv jamoalari a’zolarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashni kuchaytirish.

8. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, pedagogik-psixologik fanlarni rivojlantirish va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, undan samarali foydalanish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish siyosati hamda umumiy yondoshuvni aniqlashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish;
b) hududda  kasb-hunar ta’limini rivojlantirishning joriy masalalari hamda ta’lim muassasalari faoliyatining istiqbolli vazifalarini belgilash bo’yicha qarorlar ishlab chiqish va qabul qilishga ko’maklashish;
v) kadrlar tayyorlash, ta’lim va fan masalalari bo’yicha o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari pedagogik hamda boshqa xodimlarining malakasini oshirish maqsadida ekspertizalar o’tkazish, mazkur masalalar bo’yicha konferensiya, seminarlar hamda boshqa o’quv-ilmiy-metodik tadbirlarni tashkil etib ular ishida faol ishtirok etish;
g) joriy etilgan va ishlab chiqilayotgan o’quv-me’yoriy hujjatlar, yangi avlod darsliklari, o’quv-laboratoriya jihozlari bo’yicha malakali o’qituvchilarning fikr-mulohazalarini o’rganish va natijalari yuzasidan Kasb-hunar ta’limi Markaziga tegishli takliflar kiritish;
d) davlat hokimiyat organlari, jamoat tashkilotlari, korxona, muassasa, tijorat va notijorat tashkilotlari hamda viloyat kasb-hunar ta’limi muassasalari orasida o’quvchilarni amaliy tayyorgarligi, bitiruvchilarga mehnat bozorida bo’lgan talab va bandlik masalalari bo’yicha aloqalarini mustahkamlashga yordam berish;
e) darslarga sababsiz kelmayotgan o’quvchilarni kasb-hunar kollejlariga qamrab olish masalalari bo’yicha mahalla fuqarolar yig’inlari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish va aloqalarni mustahkamlash;
j) kasbga yo’naltirish va iqtidorli yoshlar bilan ishlash masalalari bo’yicha umumta’lim va kasb-xunar ta’limi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishga yordam ko’rsatish;
z) belgilangan tartibda malaka oshirish bilan bir qatorda, ta’lim muassasalari o’qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda stajirovkalarini tashkil etish;
i) ta’lim muassasalarini rivojlantirish bo’yicha chora-tadbirlar va takliflar ishlab chiqish, ta’lim jarayonining moddiy negizini hamda ularning dam olish, sport, madaniyat ob’ektlarini rivojlantirish va mustahkamlashda ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
k) ta’lim muassasalarining halkaro aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirishga ko’maklashish;
l)  kasb xunar ta’limi muassasalari direktorlari va boshqa boshqaruv xodimlari ijtimoiy mavqeini oshirish, o’qituvchi, o’quvchi va boshqa ishchilarni ijtimoiy holatini yahshilashga ko’maklashish;
m)  kasb-xunar ta’limi tizimi faoliyati to’g’risida respublika va chet el korxonalari, muassasalari, tashkilotlari hamda fuqarolariga axborot va maslahat xizmatlar ko’rsatish;
n) o’rnatilgan muddatlarda Kasb-xunar ta’limi markaziga Kengash faoliyati to’g’risida ma’lumot kiritish.

3. KENGASH HUQUQLARI

9. Nizomda belgilangan maqsadlarga erishish uchun Kengash quyidagi huquqlarga ega:
a) ta’lim bilan bog’lik masalalar bo’yicha Kasb-xunar ta’limi markazi va boshqarmalaridan axborot hamda materiallarni olish;
b) o’z faoliyati to’g’risida ma’lumotlarni erkin tarqatish;
v) amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat boshkaruv va mahalliy o’z-o’zini boshqaruv idoralari, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari qarorlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
g) ommaviy axborot vositalarda chiqish va noshirlik faoliyati siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etish;
d) davlat xokimiyati organlarida, mahalliy o’z-o’zini boshqaruv organlari hamda jamoat birlashmalarida kasb-hunar ta’limi tizimi xodimlari, o’quvchilarining huquq hamda qonuniy manfaatlarini taqdim etish va himoyalashda ishtirok etish;
e) samarali faoliyat ko’rsatayotgan kasb-hunar ta’limi tizimi hodimlarini moddiy va ma’naviy rag’batlantirishga tavsiya etish;
j) O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan va Kengash maqsad hamda vazifalariga kiruvchi boshqa huquqlarini amalga oshirish.

4. KENGASH MAJBURIYATLARI

10. Kengash o’z faoliyatida quyidagilarga majbur:
a) o’z faoliyati doirasida O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalkaro huquq me’yorlari, tamoyillari, mazkur Nizomda hamda boshqa ta’sis hujjatlarida belgilangan me’yorlarga rioya qilish;
b) o’z faoliyati haqida yilda bir marotaba hisobot chop etish;
v) kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan to’la bandligini ta’minlash siyosatini shakllantirishda hamkorlik va maslahat yordamini ko’rsatish;
g) “maktab — kasb-hunar kolleji — oliy ta’lim muassasasi — ishlab chiqarish — ilmiy muassasa” tizimini yaratilishini ta’minlovchi ijtimoiy hamkorlikni o’rnatish hamda uni mustahkamlashda ishtirok etish;
d) jamoat uyushmalarini ro’yhatdan o’tkazuvchi organ vakillarini Kengash tomonidan o’tkazilayotgan tadbirlarga ishtirok etishiga ruhsat berish.

5. KENGASH A’ZOLARI, ULARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

11. Kengashning maqsad va vazifalarini tan oluvchi hamda uning faoliyatida ishtirok etuvchi, tashkiliy-huquqiy shakli, turi, ko’rinishi, idoraviy bo’ysunishi, kadrlar tayyorlash yunalishidan qat’iy nazar kasb-hunar ta’limi hamda O’zbekiston Respublikasi uzluksiz ta’lim tizimining boshqa turdagi ta’lim muassasalari direktorlari, ishlab chiqarish, fan, ma’daniyat sohasi va jamoat tashkilotlari vakillari Kengash a’zolari bo’lishi mumkin.
12. Kengash a’zoligiga qabul qilish to’g’risida qaror talabgorning yozma arizasi asosida Kengash Rayosati majlisida qabul qilinadi. Kengash Rayosati qarori Kengashning umumiy majlisida tasdiqlanadi.
13. Kengash a’zoligiga qabul qilish to’g’risidagi qaror Kengash Rayosatida a’zolik arizasini ko’rilib chiqilmasdan, Kengash umumiy majlisda qabul qilinishi mumkin.
14. Kengashga a’zolik tegishli a’zolik to’g’risida ariza, Rayosat yoki Kengash umumiy majlisi qarori bilan rasmiylashtiriladi, Kengash a’zosiga belgilangan nusxadagi guvohnoma beriladi.
15. Kengash a’zosi o’z ixtiyori bilan Kengash Rayosatiga yozilgan arizasiga muvofiq Kengashdan chiqishi mumkin.
16. Kengash a’zosi hatti-harakatlari Kengash maqsad va vazifalariga muvofiq bo’lmasa, uning Kengashga a’zoligi Rayosat qarori bilan to’xtatilishi mumkin.
17. Kengash a’zolari teng huquq va majburiyatlarga ega.
18. Kengashning har bir a’zosi quyidagi huquqlarga ega:
a) Kengashning umumiy majlislarida ishtirok etish;
b) Kengash boshqaruvi organlariga saylash va saylanish;
v) Kengashning faoliyati bilan bog’lik e’tiroz, taklif va so’rovlarni Kengashning boshqaruv organlariga kiritish, ularning muhokamasida ishtirok etish;
g) Kengash faoliyati hamda rejalashtirilayotgan tadbirlar to’g’risida ma’lumot olish;
d)  Kengash tomonidan o’tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish;
e) Kengash faoliyati doirasiga kiruvchi masalalar, shu jumladan tashkiliy, maslahat, ma’lumotlar olish va boshqa masalalar bo’yicha Kengash xizmatlaridan foydalanish;
j) Kengashda to’plangan barcha ma’lumotlardan o’z amaliy faoliyatida foydalanish, Kengashni taqdim etish va uning nomidan ishonchnoma bo’yicha ish yuritish.
19. Kengash a’zolarining majburiyatlari:
a) mazkur nizomga rioya etish, Rayosat va umumiy majlis qarorlarini amalga tatbiq etishda qatnashish;
b)   Kengashning umumiy majlislarida ishtirok etish;
v) Kengash oldida turgan maqsad va vazifalarni bajarilishida, uni nufuzini oshirishda faol ishtirok etish;
g)   Kengash boshqaruv organlarining qaror va topshiriqlarini o’z vaqtida bajarish, ular oldida konstruktiv takliflarni quyishda shahsiy tashabbus bilan chiqish.

6. KENGASHNING TASHKILIY TUZILMASI VA UNING BOSHQARUV ORGANLARI

20. Umumiy majlis va Kengash Rayosati Kengashning boshqaruv organlari hisoblanadi.

UMUMIY MAJLIS

21. Kengashning Oliy boshqaruv organi Kengash Rayosati tomonidan uch oyda kamida bir marta chaqiriladigan a’zolarning umumiy majlisi hisoblanadi. Navbatdan tashqari yig’ilish Kengash faoliyati jarayonida paydo bo’ladigan va Rayosat vakolati doirasidan tashqariga chiquvchi dolzarb masalalarni xal etish uchun, Kengash Rayosati tashabbusi bilan, yoki Kengash a’zolarining 1/4 qismining arizasi asosida chaqirilishi mumkin. Kengash a’zolari Kengash Rayosati tomonidan yozma ravishda Umumiy majlis chaqirilishi to’g’risida yig’ilish boshlanishidan kamida ikki kun oldin ogohlantiriladi.
22.Umumiy majlisni o’tkazish tashabbuskorlari, Kengashning har bir a’zolariga majlisni o’tkazish joyi, vaqti va kun tartibi to’g’risida taklifnoma jo’natishga mas’ul.
23.Kengash a’zolarining yarimidan ko’pi ishtirok etgan taqdirda, umumiy majlis qonuniy hisoblanadi.
24.Umumiy majlis qarori ishtirok etayotgan a’zolarning ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Kengashning har bir a’zosi ovoz berishda bitta ovozga ega. Ovoz berish shaklini Umumiy majlis belgilaydi. Umumiy majlis Kengash a’zolarining yarimidan ko’pi ishtirok etgan holatda qaror qabul qilish huquqiga ega.
25.Quyidagi masalalarni hal etish Umumiy majlis vakolatiga kiradi:
a) Kengashni qayta tashkil etish va bekor qilish haqidagi masalalarni echish;
b)mazkur Nizomga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish to’g’risida takliflar berish;
v) Kengashning yillik hisobotini tasdiqlash;
g) Kengash Rayosati hisobotlarini tinglash va tasdiklash;
d) Kengash a’zoligiga qabul qilishni tasdiqlash.
26.Umumiy majlis Kengash faoliyatiga taallukli har qanday masalani ko’rib chiqish huquqiga ega.

KENGASH RAYOSATI

27. Kengashning doimiy harakatdagi boshqaruv organi 2 yil muddatga Umumiy majlis tamonidan saylanadigan hamda umumiy majlisga hisobot beruvchi Kengash Rayosati hisoblanadi. Kengash Rayosatinig shaxsiy tarkibi (direktorlarning umumiy sonidan 10% miqdorda) to’g’risidagi qaror Kengash a’zolari umumiy majlisida ishtirok etuvchilarni 2/3 qismi ovozi bilan qabul qilinadi.
28. Kengash Rayosati vakolatlariga Umumiy majlis vakolatiga taalluqli bo’lgan masalalardan tashqari barcha masala va faoliyat yo’nalishlari bo’yicha qaror qabul qilish hamda ish tashkil etish vakolati kiradi.
29. Kengash Rayosati yig’ilishi zaruriyat tug’ilganda (har chorakda eng kamida bir marta) Rayosat raisi tomonidan chaqiriladi.
Rayosat a’zolari, Rayosat chaqiruvi to’g’risida yozma ravishda kamida ikki hafta oldin ogohlantiriladi.
30. Kengash Rayosatining barcha qarorlari yig’ilishda ishtirok etuvchi Rayosat a’zolarining oddiy ko’pchiligining ochik ovoz berish yo’li bilan qabul qilinadi. Majlisda Rayosat a’zolarining yarimidan ko’pi ishtirok etganda, Rayosat qarorlari haqli hisoblanadi.
31. Kengash Rayosati:
a) Umumiy yig’ilishlar oralig’ida Kengash rahbarligini yo’lga qo’yadi va Kengash faoliyatiga oid muhim masalalarni, umumiy majlis qarorlari ijrosini ko’rib chiqadi, Kengash faoliyati dasturini ishlab chiqadi hamda tasdiqlash uchun Umumiy majlisga taqdim etadi.
b) Umumiy majlis qaroriga olib chiqiladigan masalalarni dastlab ko’rib chiqadi;
v) Umumiy majlis yig’ilishlarida ko’rib chiqiladigan materiallarni tayyorlaydi;
g) o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o’quv, moliyaviy-xo’jalik va ijtimoiy faoliyatiga oid masalalar bo’yicha qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi xokimiyatning barcha bo’g’inlariga takliflar tayyorlashni tashkil etadi;
d) Kengash nomidan o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirish, ta’lim muassasalari, ularning xodimlari va o’quvchilarining ijtimoiy-iktisodiy holatini o’rganish bo’yicha ijtimoiy tadqiqotlar olib boradi yoki olib borishni mutaxassislarga topshiradi;
e) Davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari hamda jamoat birlashmalarida hech qanday ishonchnomasiz Kengash nomidan ishtirok etish vakolatiga ega bo’ladi;
j) Kengash apparatidagi ish yuritish va ijro intizomini nazorat qilish tartibini belgilaydi;
z) Kengash nomidan tashkilotning jamoat huquqlarini amalga oshiradi va mazkur nizom asosida uning majburiyatlarini bajaradi.
32. Kengash rayosati Umumiy majlis qarorlarining bajarilishiga mas’uldir.
33. Kengash rayosati a’zolari o’z tarkibidan rayosat raisini, uning o’rinbosarini va rayosat kotibini rayosat vakolati muddatiga saylaydilar.

RAYOSAT RAISI

34. Rayosat raisi Kengashning faoliyatini boshqaradi va Umumiy majlis qarorlari ijrosining ta’minlanishiga to’liq javobgarlikni o’z zimmasiga oladi.
35. Rayosat raisi:
a) KXT markaziga Kengash faoliyatining yillik hisobotini taqdim etadi;
b) Kengash faoliyati dasturining ijrosini ta’minlaydi;
b) Kengash Rayosati faoliyatini boshqaradi;
g) Targ’ibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi;
d) Kengash nomidan zaruriy hujjatlarni imzolaydi;
e) Davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari hamda jamoat birlashmalarida hech qanday ishonchnomasiz Kengash nomidan ishtirok etish vakolatiga ega bo’ladi;
j) Kengash Rayosati yig’ilishlarida raislik qiladi va yig’ilish bayonnomalarini imzolaydi;
z) Umumiy majlis qarorlari ijrosini bajarilishini ta’minlaydi, Kengash faoliyati bo’yicha Rayosatga taklif va tavsiyalar tayyorlaydi;
i) Rayosat va Umumiy majlis yig’ilishini chaqirish masalalarini hal qiladi va u haqida Kengash a’zolariga belgilangan tartibda ma’lum qiladi.

KENGASHNI QAYTA TASHKIL ETISH VA TUGATISH

36. Kengashni tarkibiy qayta qurish (qaytadan tuzish,  birlashtirish, bo’lib yuborish) Kengashning umumiy yig’ilishi qarori asosida amalga oshiriladi.
37. Kengashni qayta tashkil etish to’g’risidagi qaror Kengashning umumiy yig’ilishida ishtirok etayotgan ishtirokchilarining 2/3 dan kam bo’lmagan a’zolari ovozi bilan qabul qilinadi.
38. Kengashni tugatish masalasi Umumiy yig’ilish, yoki sud organlari qarorlari asosida amalga oshiriladi.
39. Kengashni tugatish to’g’risidagi qaror, Kengash umumiy yig’ilishida ishtirok etayotgan ishtirokchilarining 2/3dan kam bo’lmagan a’zolari ovozi bilan qabul qilinadi. Mazkur qaror bilan tugatish bo’yicha komissiya va amaldagi qonunchilik asosida tugatish tartibi hamda vaqti belgilanadi.

Mazkur Nizom Toshkent viloyati  kasb-hunar ta’limi muassasalari direktorlarining 2016 yil 20 oktyabr kuni bo’lib o’tgan ta’sis yig’ilishida muhokama qilingan va qabul qilingan.