Kadrlar malakasini oshirish va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov rahbarligida kadrlar malakasini oshirish hamda akademik litseylar faoliyatini takomillashtirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Yigʻilishda ushbu yoʻnalishlar uchun masʼul boʻlgan vazirlik boʻlimi xodimlari taʼlim sifati, ilm-fan va innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish, xorijiy ilgʻor tajribalarni joriy etishga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdilar.
Xususan, yosh oʻqituvchilarning pedagogik va liderlik salohiyatini rivojlantirish boʻyicha maxsus dasturlarni ishlab chiqish, kasbiy ehtiyojlar asosida malaka oshirish kurslarini zamonaviylashtirish, akademik litsey rahbar va pedagog kadrlarini muntazam ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlariga jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, akademik litseylarga qabulda maqsadli koʻrsatkichlarni oshirish, chuqurlashtirilgan fanlar boʻyicha zamonaviy darsliklar bilan toʻliq taʼminlash, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish, shuningdek, pedagog kadrlarning maʼlumoti va oʻqitiladigan fanga ixtisosligi oʻrtasidagi moslikni taʼminlash boʻyicha aniq takliflar bildirildi.
Ekologiya yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari negizida iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish va bu borada xorijiy tajribani o‘rganish, xorijiy ta’lim dasturlarini joriy qilish, ularni adabiyotlar bilan ta’minlash masalalari ham muhokama markazida boʻldi.
Yigʻilish yakunida vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov ilgari surilgan takliflarni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tegishli topshiriqlarni belgilab berishni vazifa qilib topshirdi.
Toshkent viloyati OTFIB 

