Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga malaka toifalarini berish yo‘lga qo‘yildi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 29-maydagi 202-son buyrugʻi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (https://gov.uz/oz/edu/pages/dliya-vazirligidan-royxatdan-otgan-meyoriy-hujjatlar) (raqami – 3635). Mazkur buyruq bilan Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra:
- ishlab chiqarish taʼlimi ustalari har besh yilda bir marta malaka toifasini berish boʻyicha nazariy va amaliy imtihonlar orqali attestatsiyadan oʻtkaziladi;
- ta’lim ustalari attestatsiyada qayd etgan natijalariga qarab ularga birinchi va ikkinchi malaka toifalari beriladi;
- taʼlim ustalari oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtishi mumkin. Bunda, attestatsiyadan oʻta olmagan taʼlim ustalarining malaka toifasi tushirilmaydi va ular lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanmaydi;
- malaka toifasi ko‘tarilgan ishlab chiqarish ta’lim ustalarining oylik ish haqlari oshiriladi.
Quyidagilar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:
ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lganlar;
pedagogik faoliyat bo‘yicha uch yildan kam bo‘lgan ish stajiga egalar;
homilador ayollar;
homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tillarida bo‘lgan ayollar;
uch yoshgacha bola parvarishida bo‘lgan ayollar;
uzoq davolanishni o‘tayotganlar;
respublika va chet el davlatlariga o‘qishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilganlar va h.k.
✔️Quyidagi taʼlim ustalarining malaka toifasi to‘g‘ridan to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazilmasdan bir pog‘onaga oshiriladi:
Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar;
“Ustoz” milliy mukofoti g‘oliblari;
Worldskills musobaqalari sovrindorlarini tayyorlaganlar;
respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlaganlar.
Attestatsiyadan oʻtish har yili 1-avgustdan 1-oktyabrga qadar bevosita pedagog.edu.uz platformasi orqali amalga oshiriladi.
Malaka toifasini attestatsiyasiz oshirish istagidagi taʼlim ustalari pedagog.edu.uz platformasi orqali so‘rovnomalarni mustaqil to‘ldiradilar.
Toshkent viloyati OTFIB 