Kasbiy taʼlim xizmatlarini takomillashtirishga oid takliflar ko‘rib chiqildi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov rahbarligida kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Yigʻilishda ushbu yoʻnalishlar uchun masʼul boʻlgan xodimlar taʼlim sifatini yaxshilash, sohani raqamlashtirish, texnikumlarga qabul jarayonlarini takomillashtirish, xorijiy hamkorlarni jalb etishga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdilar.
Xususan, kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan qonunchilikka tegishli takliflar tayyorlash, texnikum o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish jarayonlarini raqamlashtirish, kasbiy ta’lim tizimida dual ta’limda kadrlar tayyorlashning yangi mexanizmini joriy etish va xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar bilan ishlash mexanizmlarini rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, dual ta’limga bo‘lgan mavjud ehtiyojni doimiy shakllantirib borish, texnikumlarga qabul jarayonlari, ayniqsa dual ta’limga yoshlarni keng jalb etish yuzasidan targ‘ibot ishlarini tashkil etish, shuningdek, texnikumlarda “Kasbga yo‘naltirish markazlari” faoliyatini tashkil etish boʻyicha aniq takliflar bildirildi.
Migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish yuzasidan tegishli normativ hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish, texnikumlarga xorijiy ish beruvchilarni jalb etish, tashqi mehnat bozorida mavjud ehtiyojlar asosida maqsadli kadrlar tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish va “prof-emis.edu.uz” platformasini takomillashtirish masalalari ham muhokama markazida boʻldi.
Yigʻilish yakunida vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov ilgari surilgan takliflarni amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tegishli topshiriqlarni belgilab berishni vazifa qilib topshirdi.
Toshkent viloyati OTFIB 

