Yangiyo‘l shahrida kasblar festivali: “Men tanlagan kasb – kelajagim, faxrim mening”
Kuni kecha Yangiyo‘l shahar 1-son politexnikumida “Men tanlagan kasb – kelajagim, faxrim mening” shiori ostida kasblar festivali bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir maktab bitiruvchilarini politexnikumga jalb qilish, ularni kasb-hunarga qiziqtirish va to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi.
Festivalda maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari, mehnat faxriylari, ustozlar hamda jamoat faollari ishtirok etishdi. Tadbir davomida politexnikumda mavjud yo‘nalishlar, kasb-hunar ko‘nikmalari bo‘yicha taqdimotlar, amaliy mashg‘ulotlar va ijodiy chiqishlar namoyish etildi. O‘quvchilar turli kasblar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tadbirni Toshkent viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i N. Kulbekova ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda yoshlarga \kasb tanlashda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish nihoyatda muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, bunday tadbirlar yoshlarda mustaqil fikrlash va o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Festival yakunida faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi va politexnikumda o‘qish istagini uyg‘otdi.
Toshkent viloyati OTFIB 






