“Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida Oqqo‘rg‘on tuman 1-son politexnikumida 19-iyun kuni o‘quvchilar o‘rtasida eslab qolish ko‘nikmalarini rivojlantirish, fikrni jamlash va aqliy salohiyatni oshirish maqsadida “Mnemonika” bellashuvi tashkil etildi.
Tadbirga politexnikumning Yoshlar yetakchisi S.Zokirova hamda psixolog D.Olimjonova boshchilik qildilar.
Musobaqada 8 nafar iqtidorli o‘quvchi qatnashdi. Ishtirokchilar vizual, fonetik va assotsiativ usullar orqali ma’lumotni tez va samarali eslab qolish bo‘yicha turli topshiriqlarni bajardilar. Ayniqsa, raqamlar, tasvirlar, matn va so‘z birikmalarini yod olish bo‘yicha berilgan vazifalar musobaqani qiziqarli va foydali qildi.
Tadbir davomida o‘quvchilar o‘zlarining kreativ fikrlashi, konsentratsiyasi va tezkor xotira ishlatish qobiliyatlarini namoyon etdilar. Ular mnemonik usullarni kundalik hayot va dars jarayonida qanday qo‘llash mumkinligini ham amaliy misollar orqali ko‘rsatib berdilar.
Bellashuv yakunida eng tezkor, topqir va eslab qolish qobiliyati kuchli bo‘lgan ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday intellektual musobaqalar o‘quvchilarda aqliy faollik, mustaqil fikrlash va o‘z ustida ishlash madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, mnemonika orqali o‘quvchilar o‘z xotirasini boshqarishni o‘rganadi, bu esa ularning keyingi bilim olish jarayonini yengillashtiradi.
Toshkent viloyati OTFIB 

